Yangiliklar
Yangiliklar
2024-07-09
Anjumanda Xalqaro Mehnat tashkiloti, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati, Kasaba uyushmalari Federatsiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi, O‘zbekiston ish beruvchilar Konfederatsiyasi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi mutasaddilari, diplomatik korpus vakillari, olimlar hamda mutaxassislar ishtirok etdi.
So‘zga chiqqanlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning siyosiy irodasi hamda Xalqaro Mehnat tashkiloti bilan yo‘lga qo‘yilgan yaqin hamkorlik aloqalari natijasida mamlakatimiz mehnat sohasida yuqori natijalarga erishayotganini qayd etdi.
Xususan, majburiy va bolalar mehnatiga to‘liq barham berilib, yashil iqtisodiyotga asoslangan munosib mehnat sharoitlarini joriy etishga jadal kirishilgani, O‘zbek paxtasiga qo‘yilgan boykotning bekor qilinishi xalqaro reyting va indekslarda O‘zbekistonning o‘rnini yaxshilab, jahonning mashhur brendlari mamlakatimiz bozoriga kirib kelganligi alohida e’tirof etildi.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekistonning Xalqaro mehnat tashkiloti Ma’muriy Kengashi a’zoligiga saylanishini mamlakatimizning mehnat sohasidagi yutuqlari e’tirofi, qolaversa ushbu tashkilot bilan yo‘lga qo‘ygan yaqin hamkorligining samarasi deyish mumkin.
Ma’muriy Kengashga a’zolik davlatimiz uchun mehnat va ijtimoiy adolat masalalari bo‘yicha global kun tartibini shakllantirish va amalga oshirish jarayonida faol ishtirok etish, ijtimoiy mehnat munosabatlarini takomillashtirish bo‘yicha konstruktiv takliflar kiritish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
Ma’lumki inson huquqlarini himoya qilish, munosib ish o‘rinlari yaratish, aholi bandligini ta’minlash hamda ijtimoiy himoyani mustahkamlash “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining ajralmas qismi sanaladi.
Bu borada kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash sohasiga katta e’tibor qaratilib, kasb-hunarga o‘qitish markazlari tarmog‘i kengaymoqda. Tadbirkorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratilib, ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida imtiyozli kredit va subsidiyalar ajratilmoqda. “Yashil” ish o‘rinlarini yaratishga alohida e’tibor qaratilib, O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energiya manbalari, energiya samaradorligi va qishloq xo‘jaligi kabi ekologik toza tarmoqlar jadal rivojlanmoqda.
Amalga oshirilgan islohotlar O‘zbekistondagi bandlik ko‘rsatkichlariga sezilarli ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Mamlakatdagi ishsizlik darajasi 2020-yildagi 10,5% dan 2024 yilga kelib 6,8 % ga tushdi.
Kambag‘allik darajasi esa 2021-yildagi 17 %dan 2023-yil so‘nggiga kelib 11%ga tushdi.
Anjuman doirasida tashkil etilgan panel sessiyalarda ishtirokchilar "Mehnat me’yorlari va huquqlarining bugungi kundagi holati", "Fuqarolik faollik va mehnat huquqlari uchun maydon", "Mehnat huquqlarini himoya qilishning istiqboldagi yo‘nalishlari", "Yashil iqtisodga”ga o‘tish uchun munosib mehnat ish o‘rinlarini moliyalashtirish" va boshqa mavzulardagi ma'ruzalari bilan ishtirok etdi.