Yangiliklar
Yangiliklar
2024-11-11
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2024-yilning yilning 4-mart kuni imzolangan “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-114-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Yoʻl xaritasi”ga muvofiq, respublikamizda 2025-2026-yillarda aholini roʻyxatga olish tadbirini oʻtkazish belgilandi.
Bugungi kunda, Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida (https://regulation.adliya.uz/project) “2026-yilda aholini roʻyxatga olishni oʻtkazish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni loyihasi (2024-yilning 6-noyabrida jamoatchilik muhokamasi yakunlangan) hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasida 2026-yilda aholini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish, uni oʻtkazish, natijalarini tahlil qilish va eʼlon qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaror loyihalari (2024-yilning 8-noyabrida jamoatchilik muhokamasi yakunlangan) belgilangan tartibda tegishli idoralar bilan kelishish uchun eʼlon qilingan.
Loyihalarga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasida aholini roʻyxatga olish 2026-yilning iyul-avgust oylarida oʻtkazilishi rejalashtirilgan.
Aholini roʻyxatga olish 2 xil usulda, yaʼni Internet jahon axborot tarmogʻi orqali hamda roʻyxatga oluvchi xodimlar tomonidan uyma-uy yurgan holda planshet qurilmalari yordamida roʻyxatga olish varagʻi shakllarini elektron toʻldirish orqali amalga oshirilishi koʻrsatib oʻtilgan.
Aholini roʻyxatga olishga koʻmaklashish maqsadida, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzurida Respublika komissiyasi hamda hududiy komissiyalar tashkil etiladi.
2024-2026-yillarda Jahon bankining imtiyozli kredit mablagʻlari hisobidan aholini roʻyxatga olish uchun zarur texnik va dasturiy vositalar xarid qilinadi.
Shuningdek, 2025-yil 1-iyuliga qadar masʼul idoralarga aholi punktlari va koʻchalar nomlari, uylar va hovlilarning toʻliq raqamlanganlik koʻrsatkichlarini oʻrnatishni yakunlash topshiriqlari koʻrsatib oʻtilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasida 2026-yilda aholini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish, uni oʻtkazish, natijalarini tahlil qilish va eʼlon qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaror loyihasi 8 ta ilova hujjatlarni oʻz ichiga olgan:
1-Ilova. Oʻzbekiston Respublikasida 2026-yilda aholini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish, uni oʻtkazish, natjalarini tahlil qilish tartibi toʻrisidagi Nizom;
2-Ilova. Oʻzbekiston Respublikasida 2026-yilda aholini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish, uni oʻtkazish, natijalarini tahlil qilish va eʼlon qilish boʻyicha chora-tadbirlar;
3-Ilova. Oʻzbekiston Respublikasida 2026-yilda aholini roʻyxatga olish dasturi;
4-Ilova. Oʻzbekiston Respublikasida 2026-yilda aholini roʻyxatga olish varagʻi shakllari roʻyxati;
5-Ilova. Aholini roʻyxatga olish jarayonlariga jismoniy shaxslarni jalb etishva ularga haq toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi Nizom
6-Ilova. Oʻzbekiston Respublikasida 2026-yilda aholini roʻyxatga olishning shaxsga doir maʼlumotlarini hisoya qilish tartibi toʻgʻrisidagi Nizom
7-Ilova. Oʻzbekiston Respublikasida 2026-yilda aholini roʻyxatga olishning yakuniy maʼlumotlarini taqdim etish tartibi toʻgʻrisidagi Nizom
8-Ilova. Oʻzbekiston Respublikasida 2026-yilda aholini roʻyxatga olish jarayonlarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini samarali qoʻllash va axborot xavfsizligini taʼminlash boʻyicha ishchi guruhi tarkibi.
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston 1989-yildan buyon aholini roʻyxatga olmagan. Prezident Farmoniga muvofiq, aholini roʻyxatga olish 2022-yilda oʻtkazish rejalashtirilgan edi, ammo COVID-19 pandemiyasi tufayli keyingi yilga koʻchirilgandi.
Shu maqsadda, aholini roʻyxatga olishning maxsus sayti https://aholi.stat.uz joriy etildi, "Yangi Oʻzbekistonning bir qismi boʻl!" tadbirining logotipi va shiori tayyorlandi.
Statistika boʻlimi