Саҳифа манзили: 

Танланган матн: 

Xabar

Yangiliklar

# MEHNAT YARMARKASI

error

2025-05-20

Bugun Ma’naviyat va Ma’rifat markazida aholi bandligini ta’minlash va ijtimoiy barqarorlikni kuchaytirish maqsadida navbatdagi mehnat yarmarkasi tashkil etildi. Tadbir viloyat hokimligi, viloyat Xalq qabulxonasi, viloyat Prokuraturasi hamda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi hamkorligida o‘tkazildi.

Mazkur yarmarka Navoiy shahri hamda Karmana tumanida istiqomat qiluvchi fuqarolar uchun keng imkoniyatlar eshigini ochdi. Unda jami 326 nafar aholi ishtirok etdi, ularning 206 nafari xotin-qizlar, 120 nafari esa yoshlar bo‘ldi. Bu esa, yarmarkaning ayniqsa ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalar uchun naqadar dolzarb va foydali bo‘lganini ko‘rsatadi.

Tadbirda Navoiy shahri hamda Karmana tumanidagi 169 ta korxona, tashkilot va tadbirkorlik subyektlari o‘zlaridagi mavjud 817 ta bo‘sh ish o‘rni bilan qatnashdi. Yarmarka davomida 70 nafar fuqaroga doimiy ishga joylashish uchun yo‘llanmalar berildi, 17 nafar ishtirokchi esa bevosita ishga qabul qilindi. Shu bilan birga, 16 nafar fuqaroga kasb-hunar o‘rganish uchun yo‘llanmalar taqdim etildi.

Yarmarka doirasida fuqarolarning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash ham nazardan chetda qolmadi. Jumladan, 22 nafar fuqaroga imtiyozli kreditlar ajratish maqsadida hokim yordamchilari tomonidan tavsiyanomalar berildi.

Mazkur mehnat yarmarkasi nafaqat fuqarolarning bandligini ta’minlash, balki ularning iqtisodiy faolligini oshirish, kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda hayot sifatini yaxshilashga xizmat qilmoqda. Bu kabi tadbirlar kelgusida ham muntazam tashkil etilib, aholining farovonligi yo‘lida muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

Viloyat Kambag'allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi axborot xizmati