Yangiliklar
Yangiliklar
2026-01-22
Navoiy viloyati Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi tomonidan “Aholi xonadonlarida issiqxona va duga ostida ko‘chat yetishtirish” mavzusida onlayn o‘quv-seminar tashkil etildi.
Mazkur o‘quv-seminarda Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligining tegishli mas’ullari, respublikamizning barcha hududlaridagi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik boshqarmalari, shuningdek, tuman va shahar bo‘limlarining tomorqa hamda dehqon xo‘jaliklari yerlaridan foydalanish sho‘ba xodimlari, ko‘p yillik tajribaga ega agronom-mutaxassislar ishtirok etdi.
Seminarni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad — aholini qishloq xo‘jaligi sohasida bilim va ko‘nikmalarini oshirish, yerga zamonaviy agrotexnologiyalar asosida ishlov berish, eksportbop mahsulotlar yetishtirishni yo‘lga qo‘yish hamda yer maydonlaridan har bir qarichini unumli foydalanish bo‘yicha ilg‘or yondashuvlarni amaliyotga tatbiq etishdan iborat.
So‘nggi yillarda respublikamizda dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari uchun ajratilgan maydonlardan samarali foydalanish, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, subsidiya va imtiyozli kreditlar ajratish, qishloq aholisining bandligi va daromadlarini oshirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, Navoiy viloyatida aholi xonadonlarida tomorqalardan samarali foydalanish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash hamda qo‘shimcha daromad manbalarini yaratish maqsadida issiqxona va duga usulida ko‘chat yetishtirish keng joriy etilmoqda. Ushbu usullar erta bahordanoq sifatli ko‘chat yetishtirish, ekinlarning vegetatsiya davrini uzaytirish hamda ob-havoning salbiy ta’sirlarini kamaytirish imkonini beradi.
Ayniqsa, Navoiy viloyatining iqlim sharoitida issiqxona va duga ostida ko‘chat yetishtirish usullari iqtisodiy jihatdan samarali, qulay va amaliy ahamiyatga ega hisoblanadi. Eng muhimi, aholi zamonaviy agrotexnologiyalarni qo‘llash, yerga ilmiy asosda ishlov berish ko‘nikmalarini tobora chuqur o‘zlashtirmoqda.
Natijada, ilgari tomorqa yerlarining har gektaridan o‘rtacha 18 tonna mahsulot olingan bo‘lsa, hozirda bu ko‘rsatkich 2 baravarga oshib, 38 tonnaga yetdi. Qiziltepa, Karmana, Navbahor, Nurota va Xatirchi tumanlarida aholi tomorqalardan 2–3 marotaba hosil olib, har bir sotix yer maydonidan o‘rtacha 15–20 million so‘mgacha daromad topmoqda.
Mazkur ko‘rsatkichlar aholi tomorqalaridan samarali foydalanish, bandlikni ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish borasida olib borilayotgan ishlarning amaliy natijasi ekanini yana bir bor tasdiqlaydi.
Viloyat Kambag'allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi axborot xizmati