Yangiliklar
Yangiliklar
2026-03-18
Bugun Qiziltepa tumanining Kulolon mahallasida tomorqa va ijara yerlaridan samarali hamda maqsadli foydalanish masalalariga bag‘ishlangan amaliy seminar tashkil etildi. Mazkur tadbir aholi tomorqalaridan olinayotgan hosildorlikni oshirish, mavjud yer resurslaridan oqilona foydalanish hamda oilalar daromadini ko‘paytirishga qaratilganligi bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Seminarda viloyat Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi boshlig‘i Lutfullo Xayrullayev, Qiziltepa tumani hokimining birinchi o‘rinbosari Nasriddin Hayitov, sohada katta tajribaga ega bo‘lgan usta dehqonlar, mutaxassislar hamda mahalla aholisi faol ishtirok etdi. Tadbir davomida ishtirokchilar o‘zaro fikr almashib, mavjud muammolar va ularning yechimlari yuzasidan muhokamalar olib bordilar.
Seminar jarayonida tomorqa yerlaridan unumli foydalanishning zamonaviy yondashuvlari batafsil tushuntirib berildi. Xususan, agrotexnik tadbirlarni to‘g‘ri tashkil etish, ekinlarni ilmiy asosda joylashtirish, mavsumiy parvarish ishlarini o‘z vaqtida bajarish, suv resurslaridan tejamkorlik bilan foydalanish kabi masalalarga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, yuqori hosildor va bozorbop ekin turlarini tanlash, intensiv usullardan foydalanish orqali qisqa muddatda yuqori daromad olish imkoniyatlari haqida amaliy tavsiyalar berildi.
Tadbir davomida kichik yer maydonlarida ham samarali natijalarga erishish mumkinligi aniq misollar orqali ko‘rsatib berildi. Tajribali dehqonlar tomonidan ilg‘or ish uslublari, yetishtirilgan mahsulotlarni qayta ishlash va bozorga chiqarish mexanizmlari haqida ham batafsil ma’lumotlar berildi. Bu esa ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi va ularning amaliy bilimlarini boyitishga xizmat qildi.
Shuningdek, mutaxassislar tomonidan tomorqa va ijara yerlaridan oqilona foydalanish nafaqat oilaviy daromadni oshirish, balki aholi bandligini ta’minlash, yangi ish o‘rinlarini yaratish hamda kambag‘allikni qisqartirishda muhim omil ekani alohida ta’kidlab o‘tildi. Bu borada davlat tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlar, qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari va mavjud dasturlar haqida ham tushuntirishlar berildi.
Mazkur amaliy seminar aholi uchun foydali bilim va ko‘nikmalar berish bilan birga, tomorqa yerlaridan samarali foydalanish orqali farovonlikni oshirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.