Саҳифа манзили: 

Танланган матн: 

Хабар

Янгиликлар

❗️Bugundan O‘zbekiston Xalqaro mehnat tashkiloti boshqaruv kengashida o‘z ovoziga ega

error

2024-06-08

Avval xabar berganimizdek, ayni kunlarda Jenevada Xalqaro mehnat konferensiyasining 112-sessiyasi bo‘lib o‘tmoqda. 

Uning doirasida XMT Boshqaruv kengashiga 2024-2027-yillar uchun a’zo davlatni tayinlash bo‘yicha saylov bo‘lib o‘tdi.    

Ovoz berish jarayonlarida 209 davlat ishtirok etdi. Unga ko‘ra  O‘zbekiston XMT Yevropa mintaqaviy guruhida 194 ta ovoz oldi va nomzod davlatlardan hisoblangan Avstriya, Xorvatiya, Kipr, Vengriya, Niderlandiya  va Daniya orasida 1-o‘rinni egalladi.

Bu voqeani haqli ravishda tarixiy desa bo‘ladi, sababi O‘zbekiston birinchi marta tashkilot siyosati va strategiyalarini amalga oshirish bo‘yicha qarorlar qabul qilish uchun mas’ul bo‘lgan XMT ijroiya organiga saylandi.

Xalqaro mehnat tashkilotining boshqaruv kengashi uning ijro etuvchi organi hisoblanadi. Kengashning asosiy vazifasi  konferensiya sessiyalari davrida tashkilot ishiga rahbarlik qiladi va uning qarorlarini amalga oshirish tartibini belgilaydi.

Boshqaruv kengashi tarkibi 56 nafar a’zodan iborat bo‘lib ular ichiga 28 ta hukumat vakili, 14 ta ish beruvchi va 14 nafar ishchi kiradi. Shuningdek, 28 ta davlat vakillari, 19 ta ish beruvchi va 19 ta ishchidan iborat 66 nafar o‘rinbosar mavjud.

XMTning boshqaruv kengashi a’zolarining 10 ta o‘rni doimiy asosda dunyoning yetakchi davlatlari –  Braziliya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Hindiston, Italiya, Xitoy, Rossiya Federatsiyasi, AQSH, Fransiya va Yaponiya tomonidan band qilingan.

Kengashning qolgan a’zolari, boshqa davlatlar hukumatlari vakillari har 3 yilda rotatsiya asosida qayta saylanadi.

Konferensiyada Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri Behzod Musaev o‘z nutqi bilan ishtirok etdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning aholi bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish, gender tengligiga erishish va majburiy mehnatga barham berishga qaratilgan islohotlari borasida ma’lumot berib o‘tildi. 

Mazkur chora-tadbirlar XMT kun tartibiga to‘liq mos keladi va ijtimoiy adolat, iqtisodiy xavfsizlik hamda imkoniyatlar tengligiga intilishlarni aks ettiradi.

Shuningdek, vazir Behzod Musaev konferensiya doirasida Xalqaro mehnat tashkiloti rahbariyati bilan uchrashuvlar o‘tkazadi. Unda XMТning bosh direktori Jilber Fossum Ungboning joriy yil 8-11-iyul kunlari O‘zbekistonga amalga oshiradigan tashrifiga tayyorgarlik ko‘rish, Xalqaro mehnat tashkilotining konvensiyalarini va bayonnomalarini ratifikatsiya qilish bo‘yicha ishlarni davom ettirish, mehnat inspeksiyasi faoliyatini takomillashtirish, ipakchilik hamda xizmat ko‘rsatish (jamoat ovqatlanish) sohasida mehnat sharoitlarining mustaqil monitoringini o‘tkazish va boshqa masalalar muhokama qilinishi ko‘zda tutilgan.

Konferensiyada Senatning gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi, Kasaba uyushmalari federatsiyasi hamda vazirlik mutasaddilari ishtirok etmoqda.