Янгиликлар
Янгиликлар
2024-06-18
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2023-yil Germaniyaga amalga oshirgan tashrifi davomida mazkur mamlakatning davlat va hukumat rahbarlari bilan oʻtkazgan muzokaralar jarayonida yurtdoshlarimizni Germaniyada vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirishi uchun munosib shart-sharoit yaratish, ularni malakali mutaxassis sifatida yuqori maoshli ish o‘rinlariga joylashtirishga qaratilgan "Migratsiya va mobillik" hukumatlararo bitim loyihasini ishlab chiqish taklifi ilgari surilgan edi.
Shundan keyin ikki mamlakat vazirlik va idoralari vakillaridan tashkil topgan ishchi guruhi faoliyat olib bordi.
Bugun Samarqand shahrida Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri Behzod Musaev hamda Federal hukumatning migratsiya shartnomalari boʻyicha maxsus vakili Janob Shtamp boshchiligidagi ishchi guruh bitimning yakuniy – 4-bosqich muhokamalarini oʻtkazdi.
Ushbu bitim imzolansa yurtdoshlarimizni Germaniya standartlari asosida kasb-hunarga o‘qitish, nemis tilini o‘rgatish hamda ushbu davlatda yuqori daromadli ishlarga joylashtirish imkoniyati yanada kengayadi.