Янгиликлар
Янгиликлар
2025-07-14
Avval xabar berganimizdek ijtimoiy tarmoqlarda “Tozalikka majburlangan oq xalatlar — TKSda tibbiyot xodimlari ishlatildimi?” sarlavhali video xabar tarqalgan edi.
Mazkur holat Navoiy viloyati Kambag'allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi huzuridagi Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan o‘rganildi.
O‘rganish davomida aniqlanishicha, Zarafshon shahridagi Tibbiyot-sanitariya qismining (TSQ) bolalar poliklinikasida 33 yildan buyon tozalikbon lavozimida ishlayotgan Sh.Askarova 2025-yil 10-iyul kuni ish vazifasini yakunlagach, bo‘sh vaqtida bir guruh hamkasblari bilan birga poliklinika hovlisidagi daraxt barglarini ixtiyoriy ravishda tozalagan.
Tozalash jarayonida poliklinika hamshirasi N.Eshpulatova ushbu holatni o‘ziga tegishli mobil telefoni orqali videoga olgan. Sh.Askarova undan video tasvirga olish maqsadini so‘raganida, Eshpulatova uni esdalik uchun poliklinikaning ichki guruhiga joylashtirmoqchi ekanligini aytgan.
Mazkur holat yuzasidan Sh.Askarova tomonidan yozma tushuntirish xati taqdim etilganida, u o‘z bayonotida hech kim tomonidan majburiy ishga jalb qilinmaganini, bu ishni o‘z xohishi bilan amalga oshirganini hamda holat bo‘yicha hech qanday e’tirozi yo‘qligini bildirgan.
Shuningdek, ushbu ishda ishtirok etgan mazkur poliklinika xodimlari ham hech kim ularni majburlamaganini va e’tirozlari yo‘qligini yozma ravishda tasdiqlaganlar.
Xulosa sifatida ta’kidlash lozimki, tibbiyot xodimlarini majburiy mehnatga jalb etish holati aniqlanmadi.