Янгиликлар
Янгиликлар
2025-07-16
Navoiy viloyatida kambag‘allikni qisqartirish, aholini daromadli mehnat bilan ta’minlash hamda tadbirkorlikni rivojlantirish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi muhim o‘rin tutmoqda.
2025-yil boshiga kelib viloyatdagi umumiy mehnat resurslari soni 594,7 ming kishini tashkil etgan bo‘lsa, shundan 458,7 ming nafari iqtisodiy faol aholi hisoblanadi. Ish bilan band aholining umumiy soni 436,7 ming kishi bo‘lib, shundan 321,9 ming nafari rasmiy sektor, 81,9 ming nafari esa norasmiy sektorda mehnat qilmoqda. Ayni vaqtda ish bilan band bo‘lmaganlar soni 22 ming kishini tashkil etadi. Ulardan 5 893 nafari yoshlar, 8 845 nafari xotin-qizlardir. Viloyat bo‘yicha ishsizlik darajasi 4,8 foizni tashkil etadi.
Mikroloyihalar — bandlikni oshirishda asosiy omil
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-12-sonli qaroriga asosan, 2025-yilda har bir hokim yordamchisi oyiga kamida 4 tadan, yil davomida esa 40 ta mikroloyiha tashkil etishi belgilangan. Ushbu mexanizm orqali viloyat bo‘yicha jami 13 200 ta mikroloyihani amalga oshirish va natijada 26 400 nafar fuqaroni ish bilan ta’minlash rejalashtirilgan.
Ushbu rejalar asosida viloyatdagi 330 ta mahalla kesimida aniq oylik va choraklik rejalar ishlab chiqilib, tasdiqlangan. 2025-yilning dastlabki olti oyi davomida qiymati 390,2 milliard so‘m bo‘lgan 9 000 ta mikroloyiha amalga oshirildi. Buning natijasida 18 271 nafar fuqaroga daromad manbai yaratildi.
Soha kesimida bu loyihalar quyidagicha taqsimlangan:
Qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida — 5 788 ta loyiha orqali 11 615 ta ish o‘rni;
Sanoat yo‘nalishida — 1 661 ta loyiha orqali 3 388 ta ish o‘rni;
Xizmat ko‘rsatish yo‘nalishida — 1 540 ta loyiha orqali 3 268 ta ish o‘rni yaratilgan.
Kreditlar orqali bandlikni oshirish
Shuningdek, “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish” dasturi doirasida 2025-yilning birinchi yarmida viloyat bo‘yicha 11 180 nafar jismoniy va yuridik shaxslarga 199,3 milliard so‘m imtiyozli kreditlar ajratildi. Bu esa qo‘shimcha ravishda 23 345 nafar fuqaroni band qilish imkonini berdi.
Xulosa o‘rnida
Aholining barqaror bandligini ta’minlash, daromadlarini oshirish hamda kambag‘allikni qisqartirish borasida olib borilayotgan ushbu kompleks chora-tadbirlar viloyat iqtisodiyoti barqarorligi va ijtimoiy farovonlikning muhim omilidir. Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasining tashabbuslari esa bu yo‘ldagi asosiy harakatlantiruvchi kuch bo‘lib xizmat qilmoqda.
Navoiy viloyati Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi “Mahalla drayverlari ishga solish va mikroloyihalar bilan ishlash” bo‘limi boshlig‘i Ismatov Xurshid Uktamovich